Avvalo aytish kerakki, PET KT — bu rentgen qurilmasi orqali ichki a’zolar skanerlanadigan va kompyuterga tasviri uzatiladigan tekshiruv uslubidir.
Tekshiruvning o‘xshash uslublariga qiyoslaganda, PET KT aniqligi 90% ni tashkil qiladi. Ammo yodda tutish kerakki, bunday diagnostika har doim ham zarur bo‘lavermaydi. PET KT quyidagilarda ko‘proq ma’lumot beradi:
— zararsiz va zararli o‘simtalar o‘rtasidagi differensial tashxisda;
— avvaldan mavjud metastazalarda birlamchi o‘choqni izlashda;
— juda kichik o‘simtalarda;
— amalga oshirilgan davolashning samarasini baholashda.
Shuningdek, PET KT o‘tkazish uchun asosiy qarshi ko‘rsatmalar quyidagilardir:
— giperglikemiya;
— o‘tkir patologik va somatik holatlar;
— organizmda o‘tkir yallig‘lanish jarayonlarining mavjudligi;
— amalga oshirilgan davolashdan keyingi holat (jarrohlik, kimyoviy terapiya).
PET KTni tongda, och qoringa yoki ovqatlangandan keyin kamida 6 soatdan so‘ng o‘tkazish tavsiya etiladi. Bir sutka davomida quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim:
— jismoniy yuklamalarni kamaytirish;
— og‘ir va qiyin hazm bo‘ladigan taomlarni istisno qilish;
— gazlangan va alkogolli ichimliklardan voz kechish.
Odatda PET KT tekshiruvi bir necha bosqichdan iborat bo‘ladi:
1. MRTda bo‘lgani kabi, barcha metall buyumlar yechiladi.
2. Keyin bemorga vena ichiga maxsus radiofarmpreparat yuboriladi, u 1 soatda butun organlarga tarqaladi.
3. So‘ngra kompyuter tomografiyasi (KT), shundan keyingina pozitron-emission tomografiya (PET) amalga oshiriladi.
Barcha kerakli tekshiruv o‘tkazilib, tashxis qo‘yilgach va kasallikning qaysi bosqichda ekani aniqlangandan keyin bemor davolash bosqichiga o‘tadi. Shifoxonaga yotish uchun nima kerakligi haqida keyingi postda so‘zlab beraman.